
Avtomobilni uy sharoitida to'g'ri yuvish — bosqichma-bosqich qo'llanma
Noto'g'ri yuvish avtomobil lakiga eng ko'p zarar yetkazadigan sabab. Uy sharoitida xavfsiz yuvishning to'liq tartibi, kerakli vositalar va eng ko'p uchraydigan xatolar.
Ko'pchilik avtomobilini muntazam yuvadi, lekin lak qatlamidagi mayda tirnalishlarning katta qismi aynan yuvish paytida paydo bo'ladi. Ya'ni avtomobilni toza tutish niyatida unga zarar yetkaziladi.
Bu maqolada uy sharoitida avtomobilni xavfsiz yuvishning to'liq tartibini ko'rib chiqamiz.
Nima uchun oddiy yuvish lakni buzadi
Avtomobil ustidagi chang — bu mayda qattiq zarrachalar. Quruq yoki yarim ho'l holda gubka bilan ishqalasangiz, bu zarrachalar qum qog'ozi kabi ishlaydi va lak yuzasida yuzlab mayda chiziqlar qoldiradi.
Kunduzi quyoshda bu chiziqlar ko'rinmaydi. Lekin kechqurun chiroq yorug'ida yoki quyoshli kunda ma'lum burchakdan qaraganda "o'rgimchak to'ri" ko'rinishidagi izlar sezilаdi. Bu — swirl marks, ya'ni aylanma tirnalishlar.
Ularni faqat polirovka bilan yo'qotish mumkin. Polirovka esa lakning bir qismini olib tashlaydi, ya'ni cheksiz takrorlab bo'lmaydi.
Xulosa oddiy: tirnalishni oldini olish uni tuzatishdan arzon.
Kerakli vositalar
Minimal to'plam:
- Avtomobil shampuni (uy kimyoviy vositalari emas)
- Ko'pikli purkagich — qo'l yoki apparat
- Ikkita chelak — biri ko'pik uchun, biri chayish uchun
- Mikrofibra qo'lqop yoki gubka — yumshoq, uzun tolали
- Quritish uchun mikrofibra sochiq — kamida 70x90 sm
- Alohida gubka — g'ildirak va kirlangan qismlar uchun
Nimalarni ishlatmaslik kerak
Idish yuvish suyuqligi. U yog'ni eritish uchun mo'ljallangan. Lak ustidagi himoya qatlamini (mum yoki sealant) ham yechib tashlaydi.
Kir yuvish kukuni va turli gel vositalari. Ishqoriy muhit lakni xiralashtiradi.
Eski matolar, sifatsiz quritish sochiqlari. Ularning tolasi qattiq va ular changni ushlab qolmaydi — changni lak bo'ylab surtadi.
Bitta chelak. Bu eng ko'p uchraydigan xato. Quyida sababini tushuntiraman.
Bosqichma-bosqich tartib
1-bosqich: Soyada ishlang
Quyoshda qizigan kuzov ustida suv va shampun tez quriydi va dog' qoldiradi. Kuzovga qo'l tekkizganda issiq bo'lsa — kuting yoki soyaga o'tkazing.
Eng yaxshi vaqt: erta tong yoki kechqurun.
2-bosqich: Oldindan chayish
Gubkani tegizishdan oldin avtomobilni suv bilan yaxshilab yuving. Maqsad — yuzadagi bo'shroq turgan chang va qumni oqizib yuborish.
Bosim ostidagi suv yani karcher qurilmangiz bo'lsa yaxshi, lekin oddiy shlang ham ish beradi. Yuqoridan pastga qarab yuving.
3-bosqich: Ko'pik qatlami
Butun kuzovni ko'pik bilan qoplang va 3-5 daqiqa ushlab turing.
Ko'pikning vazifasi — qolgan changni yumshatib, lakdan ajratish. Bu bosqichni o'tkazib yuborsangiz, keyingi bosqichda o'sha changni gubka bilan avtomobil lak qismiga surib chiqandek bo'lasiz.
Muhim: ko'pik qurib qolmasligi kerak. Issiq havoda vaqtni qisqartiring. Ishqor kuchli shampunlar bo'lsa 5-daqidaqan uzoq ushlab turish nikel qismlarni kuydirib qo'yish ehtimoli yuqori
4-bosqich: Ikki chelak usuli
Bu eng muhim qism.
- 1-chelak: suv + shampun
- 2-chelak: faqat toza suv
Tartib:
- Qo'lqopni 1-chelakka botiring
- Kuzovning bir qismini yuving
- Qo'lqopni 2-chelakda chayib, chiqindini tushiring
- Yana 1-chelakka botiring
Nima uchun kerak: bitta chelak bilan ishlasangiz, birinchi harakatdan keyin chelakdagi suv changga to'ladi. Keyin siz o'sha changni qayta-qayta lak ustiga surtasiz.
Chelak tagiga panjara (grit guard) qo'ysangiz yanada yaxshi — chang tagida qoladi.
5-bosqich: Yuqoridan pastga
Tomdan boshlab pastga tushing. Pastki qismlar — eng iflos joy, ular oxirida qoladi.
Harakat to'g'ri chiziq bo'ylab bo'lsin, aylanma emas. Aylanma harakat aynan o'sha "o'rgimchak to'ri" izlarini yasaydi.
Bosim bermang. Qo'lqopning o'z og'irligi yetarli.
6-bosqich: G'ildiraklar alohida
G'ildirak va disklar uchun alohida gubka ishlating. Tormoz changi — metall zarrachalar, ular kuzovga tushsa chuqur tirnalish qoldiradi.
Tartib bo'yicha g'ildiraklarni birinchi yoki oxirida yuving, lekin hech qachon bir xil gubka bilan emas.
7-bosqich: Chayish
Yuqoridan pastga, ko'p suv bilan. Shampun qoldig'i qurib qolsa dog' bo'ladi.
Shlangdan nasadkani olib tashlab, ochiq oqim bilan chayish yaxshi natija beradi — suv kuzovdan "varaq" bo'lib oqib tushadi va kamroq tomchi qoladi.
8-bosqich: Quritish
Avtomobilni o'z-o'zidan quritmang. Suvdagi minerallar qurigach oq dog' qoldiradi, ularni keyin yo'qotish qiyin.
Katta mikrofibra sochiqni yuzaga qo'ying va tortmang — ishqalamang. Sochiq suvni o'zi shimadi.
Yoki puflagich (fen) ishlating — bu eng xavfsiz usul, chunki yuzaga umuman tegilmaydi. Ayniqsa oyna atrofi, tutqichlar, ko'zgu ostidagi suv uchun qulay.
Yuvishdan keyin nima qilish kerak
Toza avtomobil — bu boshlanish. Himoya qatlami bo'lmasa, u yana tez iflos bo'ladi.
- Mum — 1-2 oy chidaydi, arzon, oson surtiladi
- Sealant (sintetik himoya) — 4-6 oy
- Keramika qoplama — 1 yildan ortiq, lekin tayyorgarlik talab qiladi
Himoya qatlami bor avtomobil kamroq iflos bo'ladi va keyingi yuvish osonlashadi — chang lakka yopishmaydi.
Eng ko'p uchraydigan 5 xato
- Quyoshda yuvish — dog' qoladi
- Bitta chelak — changni qayta surtish
- Aylanma harakat — swirl izlari
- Bir gubka bilan g'ildirak va kuzov — chuqur tirnalish
- O'z-o'zidan quritish — mineral dog'lar
Qancha vaqt oladi
To'g'ri yuvish 40-60 daqiqa oladi. Shoshilinch yuvish 15 daqiqa, lekin uning natijasi bir necha yildan keyin lakda ko'rinadi.
Agar vaqtingiz kam bo'lsa, hech bo'lmaganda ikki chelak va soyada ishlash qoidalariga rioya qiling — bu ikkisi zararning katta qismini oldini oladi.
Savollaringiz bo'lsa yoki qaysi vosita sizga mos ekanini bilmoqchi bo'lsangiz, biz bilan bog'laning — maslahat beramiz.







